Barchamizga ma’lumki, azaliy tariximizda erkaklar va ayollar o’rtasida teng huquqlilik bo’lmagan.

Mamlakatimizda so’nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo’yicha bir necha  yo’nalishlarda olib borilayotgan ishlar huquqiy asoslarga tayanilmoqda.

Shu kunga qadar qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va belgilangan amaliy chora-tadbirlar O’zbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamidir.

Ushbu qadam qonunchilik hamda amaliyotning xalqaro me’yor va standartlariga to’liq mos kelishi, shu bilan birga, ularning bir qismi BMTning inson huquqlari bo’yicha idoralari tavsiyalariga asoslanganligi ko’p bora takror-takror aytib kelinmoqda.

Shu jumladan, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tengligi va ayollarni zo’ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to’g’risidagi farmon va qarorlarning qabul qilinishi, ayollarimizni nafaqat ona, oila qo’rg’onining qo’riqchisi, atrofda bo’layotgan voqea xodisalar va yangiliklarni oddiy kuzatuvchisigina emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o’zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi sifatida o’zgarishiga turtki bo’lmoqda.

Bugungi kunda O’zbekistonda gender tengligini ta’minlashda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan qabul qilingan bir qator asosiy vazifalarning amalda bajarilishi jamiyat rivojlanishida muhim bo’lgan ijtimoiy munosabatlarda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi yaqqol namoyon bo’lmoqda.

Ayniqsa, Muhtaram Prezidentimizning takliflariga binoan, mamlakat tarixida ilk bor Senat raisligiga ayol kishi – Tanzila Norboevaning saylanishi, shuningdek, yangi O’zbekistonda birinchi bo’lib, Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi lavozimiga – Dilfuza Uralova shuningdek, Respublikaning boshqa hududlarida ham ayol hokimlarning saylanishi yurtimiz ayollarini siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda o’z o’rnini topishlariga, bu boradagi jarayonlarda faol va samarali ishtirok etishlariga yanada g’ayrat va shijoat uyg’otdi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Xususan, mamlakatimizda  xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish, ularning teng huquqli ekanligini ta’minlash nafaqat milliy yoki hududiy miqyosda ahamiyat kasb etmoqda balki, ayni zamonda mamlakat hukumatining bu boradagi ustuvor vazifalari hisoblanmoqda

Belgilangan ustuvor vazifalarda, xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to’liq va samarali ishtirokini va etakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash hamda davlatning turli darajalarida Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida ham gender tenglik tamoyillarini joriy qilish qayd etilgan.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham inson qadr-qimmati yuqori darajada e’tirof etilib, gender tengligi masalasiga alohida urg’u berilgan. Konstitutsiyada xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli deb belgilanganligi mamlakatimizda ayollar jamiyatning faol a’zosi sifatida barcha sohalarda ishtirok etishini huquqiy kafolatlaydi.

By admin

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan