O’zbekiston Respublikasining konstitutsiyasi

MUQАDDIMА
Oʼzbekiston xalqi:
inson huquqlariga va davlat suvereniteti gʼoyalariga sodiqligini tantanali ravishda eʼlon qilib,
hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatini anglagan holda,
oʼzbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib,
demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib,
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda,
respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga intilib,
insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni koʼzlab,
fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlash maqsadida,
oʼzining muxtor vakillari siymosida Oʼzbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi.

BIRINChI BOʼLIM. АSOSIY PRINTsIPLАR

I bob. Davlat suvereniteti
1-modda.
Oʼzbekiston — suveren demokratik respublika. Davlatning “Oʼzbekiston Respublikasi” va “Oʼzbekiston” degan nomlari bir maʼnoni anglatadi.
2-modda.
Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar.
3-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi oʼzining milliy-davlat va maʼmuriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi.
Oʼzbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va boʼlinmasdir.
4-modda.
Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili oʼzbek tilidir.
Oʼzbekiston Respublikasi oʼz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
5-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʼz davlat ramzlari — bayrogʼi, gerbi va madhiyasiga ega.
6-modda.
Oʼzbekiston Respublikasining poytaxti – Toshkent shahri.

II bob. Xalq hokimiyatchiligi
7-modda.
Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir.
Oʼzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʼzlab va Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.
Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini oʼzlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini toʼxtatib qoʼyish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos boʼladi.
8-modda.
Oʼzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʼzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi.
9-modda.
Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qoʼyiladi. Referendum oʼtkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
10-modda.
Oʼzbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin.
Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs Oʼzbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
11-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʼlinishi printsipiga asoslanadi.
12-modda.
Oʼzbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida oʼrnatilishi mumkin emas.
13-modda.
Oʼzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga koʼra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
14-modda.
Davlat oʼz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʼzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshiradi.

III bob. Konstitutsiya va qonunning ustunligi
15-modda.
Oʼzbekiston Respublikasida Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʼzsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʼradilar.
16-modda.
Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi Oʼzbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.
Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

IV bob. Tashqi siyosat
17-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʼla huquqli subʼektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yoʼl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdoʼstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.

IKKINChI BOʼLIM. INSON VА FUQАROLАRNING АSOSIY HUQUQLАRI, ERKINLIKLАRI VА BURChLАRI

V bob. Umumiy qoidalar
18-modda.
Oʼzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʼlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qoʼyiladi hamda ijtimoiy adolat printsiplariga mos boʼlishi shart.
19-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan boʼlgan huquqlari va burchlari bilan oʼzaro bogʼliqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʼyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʼyishga hech kim haqli emas.
20-modda.
Fuqarolar oʼz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

VI bob. Fuqarolik
21-modda.
Oʼzbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik oʼrnatiladi.
Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega boʼlganlikdan qatʼi nazar, hamma uchun tengdir.
Qoraqalpogʼiston Respublikasining fuqarosi ayni vaqtda Oʼzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.
Fuqarolikka ega boʼlish va uni yoʼqotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.
22-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi oʼz hududida ham, uning tashqarisida ham oʼz fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʼrsatishni kafolatlaydi.
23-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq taʼminlanadi. Ular Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar.

VII bob. Shaxsiy huquq va erkinliklar
24-modda.
Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʼir jinoyatdir.
25-modda.
Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
26-modda.
Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʼrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga oʼzini himoya qilish uchun barcha sharoitlar taʼminlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʼravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar oʼtkazilishi mumkin emas.
27-modda.
Har kim oʼz shaʼni va obroʼsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv oʼtkazishi yoki uni koʼzdan kechirishi, yozishmalar va telefonda soʼzlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
28-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga koʼchish, Oʼzbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.
29-modda.
Har kim fikrlash, soʼz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim oʼzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli boʼlgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.
30-modda.
Oʼzbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
31-modda.
Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʼl qoʼyilmaydi.

VIII bob. Siyosiy huquqlar
32-modda.
Oʼzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʼz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish oʼzini oʼzi boshqarish, referendumlar oʼtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yoʼli bilan amalga oshiriladi.
Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
33-modda.
Fuqarolar oʼz ijtimoiy faolliklarini Oʼzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yigʼilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar oʼtkazilishini toʼxtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.
34-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.
35-modda.
Har bir shaxs bevosita oʼzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Аrizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda koʼrib chiqilishi shart.

IX bob. Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar
36-modda.
Har bir shaxs mulkdor boʼlishga haqli. Bankka qoʼyilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
37-modda.
Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʼrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʼtash tartibidan yoki qonunda koʼrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
38-modda.
Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq toʼlanadigan mehnat taʼtilining muddati qonun bilan belgilanadi.
39-modda.
Har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʼqotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʼlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega.
Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qoʼyilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz boʼlishi mumkin emas.
40-modda.
Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
41-modda.
Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir.
42-modda.
Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga gʼamxoʼrlik qiladi.

X bob. Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari
43-modda.
Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi.
44-modda.
Har bir shaxsga oʼz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʼayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
45-modda.
Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolgʼiz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.
46-modda.
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.

XI bob. Fuqarolarning burchlari
47-modda.
Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qoʼyilgan burchlarini bajaradilar.
48-modda.
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
49-modda.
Fuqarolar Oʼzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar.
Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.
50-modda.
Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʼlishga majburdirlar.
51-modda.
Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yigʼimlarni toʼlashga majburdirlar.
52-modda.
Oʼzbekiston Respublikasini himoya qilish — Oʼzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʼtashga majburdirlar.

UChINChI BOʼLIM. JАMIYaT VА ShАXS

XII bob. Jamiyatning iqtisodiy negizlari
53-modda.
Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʼzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.
54-modda.
Mulkdor mulkiga oʼz xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
55-modda.
Yer, yer osti boyliklari, suv, oʼsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

XIII bob. Jamoat birlashmalari
56-modda.
Oʼzbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda roʼyxatdan oʼtkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida eʼtirof etiladi.
57-modda.
Konstitutsiyaviy tuzumni zoʼrlik bilan oʼzgartirishni maqsad qilib qoʼyuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʼib qiluvchi, xalqning sogʼligʼi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi.
Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi.
58-modda.
Davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yoʼl qoʼyilmaydi.
59-modda.
Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba tashkilotlariga aʼzo boʼlish ixtiyoriydir.
60-modda.
Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va oʼzlarining demokratik yoʼl bilan saylab qoʼyilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar oʼz faoliyatlarini moliyaviy taʼminlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar.
61-modda.
Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.
62-modda.
Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qoʼyish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi.

XIV bob. Oila
63-modda.
Oila jamiyatning asosiy boʼgʼinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʼlish huquqiga ega.
Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.
64-modda.
Ota-onalar oʼz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʼlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʼqitishni taʼminlaydi, bolalarga bagʼishlangan xayriya faoliyatlarni ragʼbatlantiradi.
65-modda.
Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
66-modda.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar oʼz ota-onalari haqida gʼamxoʼrlik qilishga majburdirlar.

XV bob. Ommaviy axborot vositalari
67-modda.
Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning toʼgʼriligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.
Senzuraga yoʼl qoʼyilmaydi.

TOʼRTINChI BOʼLIM. MАЪMURIY-HUDUDIY VА DАVLАT TUZILIShI

XVI bob. Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi
68-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpogʼiston Respublikasidan iborat.
69-modda.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini oʼzgartirish, shuningdek viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi.

XVII bob. Qoraqalpogʼiston Respublikasi
70-modda.
Suveren Qoraqalpogʼiston Respublikasi Oʼzbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi.
Qoraqalpogʼiston Respublikasining suvereniteti Oʼzbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi.
71-modda.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi oʼz Konstitutsiyasiga ega.
Qoraqalpogʼiston Respublikasining Konstitutsiyasi Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid boʼlishi mumkin emas.
72-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpogʼiston Respublikasi hududida ham majburiydir.
73-modda.
Qoraqalpogʼiston Respublikasining hududi va chegaralari uning roziligisiz oʼzgartirilishi mumkin emas. Qoraqalpogʼiston Respublikasi oʼz maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini mustaqil hal qiladi.
74-modda.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi Oʼzbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpogʼiston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega.
75-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpogʼiston Respublikasining oʼzaro munosabatlari Oʼzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʼiston Respublikasi oʼrtasida Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalar hamda bitimlar bilan tartibga solinadi.
Oʼzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʼiston Respublikasi oʼrtasidagi nizolar murosaga keltiruvchi vositalar yordamida hal etiladi.

BEShINChI BOʼLIM. DАVLАT HOKIMIYaTINING TАShKIL ETILIShI

XVIII bob. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
76-modda.
Oʼzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi boʼlib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati — besh yil.
77-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi boʼlib, Senat aʼzolaridan (senatorlardan) iborat.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʼshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʼli bilan Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʼlgan hamda alohida xizmat koʼrsatgan eng obroʼli fuqarolar orasidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʼlgan hamda kamida besh yil Oʼzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosi boʼlishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga qoʼyiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.
Аyni bir shaxs bir paytning oʼzida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi boʼlishi mumkin emas.
78-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish;
2) Oʼzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish;
3) Oʼzbekiston Respublikasining referendumini oʼtkazish toʼgʼrisida va uni oʼtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
4) Oʼzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʼnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
5) Oʼzbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
6) Oʼzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʼzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
7) boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʼli bilan tartibga solish;
8) Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish;
9) soliqlar va boshqa majburiy toʼlovlarni joriy qilish;
10) Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʼli bilan tartibga solish, chegaralarini oʼzgartirish;
11) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʼzgartirish;
12) davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish;
13) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʼmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʼgʼrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
14) Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
15) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʼrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
16) Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili va uning oʼrinbosarini saylash;
17) Oʼzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini koʼrib chiqish;
18) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʼzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʼilganda urush holati eʼlon qilish toʼgʼrisidagi farmonini tasdiqlash;
19) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʼgʼrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
20) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish;
21) parlament nazoratini va ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, soʼngra Senatida koʼrib chiqiladi.
79-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlariga:
1) Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʼrinbosarlarini, qoʼmitalarning raislari va ularning oʼrinbosarlarini saylash;
2) Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʼgʼrisidagi masalalarni hal etish;
3) oʼz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʼliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
4) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi.
80-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga:
1) Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning oʼrinbosarlarini, qoʼmitalarning raislari va ularning oʼrinbosarlarini saylash;
2) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini saylash;
3) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudini saylash;
4) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy xoʼjalik sudini saylash;
5) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʼmitasining raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etish;
6) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʼgʼrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
7) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʼzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish toʼgʼrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
8) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish;
9) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
10) Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʼgʼrisidagi hujjatlarni qabul qilish;
11) Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʼgʼrisidagi masalalarni hal etish;
12) Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Oʼzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi raisining, Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
13) oʼz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʼliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
14) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi.
81-modda.
Vakolat muddati tugagach, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tegishincha yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar oʼz faoliyatini davom ettirib turadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʼtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyunь oyi oxirgi ish kuniga qadar oʼtkaziladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʼtkaziladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan boʼlsa, vakolatli hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʼjalik sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy banki Boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida majlis oʼtkazadilar.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʼshma majlislari Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʼzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʼzlaganda oʼtkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qoʼshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʼtkazilishi mumkin.
82-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati oʼz vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qarorlari Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senat aʼzolari umumiy sonining koʼpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
83-modda.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, oʼz davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʼjalik sudi, Bosh prokurori egadirlar va bu huquq qonunchilik tashabbusi huquqi subʼektlari tomonidan qonun loyihasini Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
84-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullanib, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingach, yuridik kuchga ega boʼladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran oʼn kundan kechiktirmay Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati maʼqullagan qonun imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʼn kun ichida yuboriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun oʼttiz kun ichida imzolanadi va eʼlon qilinadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Аgar Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta koʼrib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʼpchilik ovozi bilan qonunni yana maʼqullasa, qonun Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda koʼrib chiqilishi kerak.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oʼz eʼtirozlari bilan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Аgar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʼpchilik ovozi bilan maʼqullansa, qonun Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oʼn toʼrt kun ichida imzolanishi va eʼlon qilinishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning matbuotda eʼlon qilinishi ular qoʼllanilishining majburiy shartidir.
85-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʼz tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning oʼrinbosarlarini saylaydi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʼrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʼpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʼprogʼining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri:
1) Qonunchilik palatasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Qonunchilik palatasi qoʼmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) Oʼzbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʼliq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va oʼzga tashkilotlar bilan oʼzaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish koʼradi;
7) Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri farmoyishlar chiqaradi.
86-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati oʼz tarkibidan Senat Raisi va uning oʼrinbosarlarini saylaydi. Senat Raisi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan saylanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi oʼrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʼiston Respublikasining vakili boʼladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning oʼrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʼpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʼprogʼining ovozi bilan qabul qilingan Senat qarorlariga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi:
1) Senat majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Senat qoʼmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) Oʼzbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʼliq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʼzaro munosabatlarda Senat nomidan ish koʼradi;
7) Senat qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi farmoyishlar chiqaradi.
87-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʼrib chiqish va tayyorlash, Oʼzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun oʼz vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan qoʼmitalarni saylaydi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʼrib chiqish va tayyorlash, Oʼzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun oʼz vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan qoʼmitalarni saylaydi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, zarurat boʼlgan taqdirda, muayyan vazifalarni bajarish uchun deputatlar, senatorlar orasidan komissiyalar tuzadi.
88-modda.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlariga va Senati aʼzolariga ularning deputatlik yoki senatorlik faoliyati bilan bogʼliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat aʼzolari oʼz vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʼlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʼullanishlari mumkin emas.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Ular tegishincha Qonunchilik palatasi yoki Senatning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas.

ХИХ боб. Ўзбекистон Республикасининг Президенти
89-модда.
Ўзбекистон Республикасининг Президенти давлат бошлиғидир ва давлат ҳокимияти органларининг келишилган ҳолда фаолият юритишини ҳамда ҳамкорлигини таъминлайди.
90-модда.
Ўзбекистон Республикаси Президенти лавозимига ўттиз беш ёшдан кичик бўлмаган, давлат тилини яхши биладиган, бевосита сайловгача камида 10 йил Ўзбекистон ҳудудида муқим яшаётган Ўзбекистон Республикаси фуқароси сайланиши мумкин. Айни бир шахс сурункасига икки муддатдан ортиқ Ўзбекистон Республикасининг Президенти бўлиши мумкин эмас.
Ўзбекистон Республикасининг Президенти Ўзбекистон Республикасининг фуқаролари томонидан умумий, тенг ва тўғридан-тўғри сайлов ҳуқуқи асосида яширин овоз бериш йўли билан беш йил муддатга сайланади. Президентни сайлаш тартиби Ўзбекистон Республикасининг қонуни билан белгиланади.
91-модда.
Президент ўз вазифасини бажариб турган даврда бошқа ҳақ тўланадиган лавозимни эгаллаши, вакиллик органининг депутати бўлиши, тадбиркорлик фаолияти билан шуғулланиши мумкин эмас.
Президентнинг шахси дахлсиздир ва қонун билан муҳофаза этилади.
92-модда.
Президент Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси йиғилишида қуйидаги қасамёдни қабул қилган пайтдан бошлаб ўз лавозимига киришган ҳисобланади:
«Ўзбекистон халқига садоқат билан хизмат қилишга, республиканинг Конституцияси ва қонунларига қатъий риоя этишга, фуқароларнинг ҳуқуқлари ва эркинликларига кафолат беришга, Ўзбекистон Республикаси Президенти зиммасига юклатилган вазифаларни виждонан бажаришга тантанали қасамёд қиламан».
93-модда.
Ўзбекистон Республикасининг Президенти:
1) фуқароларнинг ҳуқуқлари ва эркинликларига, Ўзбекистон Республикасининг Конституцияси ва қонунларига риоя этилишининг кафилидир;
2) Ўзбекистон Республикасининг суверенитети, хавфсизлиги ва ҳудудий яхлитлигини муҳофаза этиш, миллий-давлат тузилиши масалаларига доир қарорларни амалга ошириш юзасидан зарур чора-тадбирлар кўради;
3) мамлакат ичкарисида ва халқаро муносабатларда Ўзбекистон Республикаси номидан иш кўради;
4) музокаралар олиб боради ҳамда Ўзбекистон Республикасининг шартнома ва битимларини имзолайди, республика томонидан тузилган шартномаларга, битимларга ва унинг қабул қилинган мажбуриятларига риоя этилишини таъминлайди;
5) ўз ҳузурида аккредитациядан ўтган дипломатик ҳамда бошқа вакилларнинг ишонч ва чақирув ёрлиқларини қабул қилади;
6) Ўзбекистон Республикасининг чет давлатлардаги дипломатик ва бошқа вакилларини тайинлаш учун номзодларни Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Сенатига тақдим этади;
7) Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисига мамлакат ички ва ташқи сиёсатини амалга оширишнинг энг муҳим масалалари юзасидан мурожаат қилиш ҳуқуқига эга;
8) республика олий ҳокимият ва бошқарув органларининг баҳамжиҳат ишлашини таъминлайди; вазирликлар, давлат қўмиталари ҳамда давлат бошқарувининг бошқа органларини Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг тақдимига биноан тузади ва тугатади, шу масалаларга доир фармонларни кейинчалик Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг палаталари тасдиғига киритади;
9) Сенат Раиси лавозимига сайлаш учун номзодни Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Сенатига тақдим этади;
10) Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг палаталари кўриб чиқиши ва тасдиқлаши учун Ўзбекистон Республикаси Бош вазири номзодини тақдим этади ҳамда уни истеъфога чиққанда, Бош вазирга нисбатан билдирилган ишончсизлик вотуми Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг палаталари томонидан қабул қилинганда ёхуд қонунда назарда тутилган бошқа ҳолларда лавозимидан озод қилади;
11) Ўзбекистон Республикаси Бош вазирининг тақдимига биноан Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси аъзоларини тасдиқлайди ва лавозимларидан озод қилади;
12) Ўзбекистон Республикаси Бош прокурори ва Ҳисоб палатаси раисини тайинлайди ва уларни лавозимидан озод қилади, кейинчалик бу масалаларни Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Сенати тасдиғига киритади;
13) Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Сенатига Конституциявий суд раиси ва судьялари, Олий суд раиси ва судьялари, Олий хўжалик суди раиси ва судьялари, Ўзбекистон Республикаси Марказий банки Бошқарувининг раиси, Ўзбекистон Республикаси Табиатни муҳофаза қилиш давлат қўмитасининг раиси лавозимларига номзодларни тақдим этади;
14) вилоят, туманлараро, туман, шаҳар, ҳарбий ва хўжалик судларининг судьяларини тайинлайди ва лавозимларидан озод этади;
15) Ўзбекистон Республикаси Бош вазирининг тақдимига биноан вилоятлар ҳокимларини ҳамда Тошкент шаҳар ҳокимини қонунга мувофиқ тайинлайди ҳамда лавозимидан озод этади. Конституцияни, қонунларни бузган ёки ўз шаъни ва қадр-қимматига доғ туширадиган хатти-ҳаракат содир этган туман ва шаҳар ҳокимларини Президент ўз қарори билан лавозимидан озод этишга ҳақли;
16) республика давлат бошқаруви органларининг ва ҳокимларнинг қабул қилган ҳужжатларини улар қонун ҳужжатлари нормаларига номувофиқ бўлган ҳолларда тўхтатади, бекор қилади; Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси мажлисларида раислик қилишга ҳақли;
17) Ўзбекистон Республикасининг қонунларини имзолайди ва эълон қилади; қонунга ўз эътирозларини илова этиб, уни такроран муҳокама қилиш ва овозга қўйиш учун Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисига қайтаришга ҳақли;
18) Ўзбекистон Республикасига ҳужум қилинганда ёки тажовуздан бир-бирини мудофаа қилиш юзасидан тузилган шартнома мажбуриятларини бажариш зарурияти туғилганда уруш ҳолати эълон қилади ва қабул қилган қарорини уч кун ичида Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси палаталарининг тасдиғига киритади;
19) фавқулодда вазиятлар (реал ташқи хавф, оммавий тартибсизликлар, йирик ҳалокат, табиий офат, эпидемиялар) юз берган тақдирда фуқароларнинг хавфсизлигини таъминлашни кўзлаб, Ўзбекистон Республикасининг бутун ҳудудида ёки унинг айрим жойларида фавқулодда ҳолат жорий этади ва қабул қилган қарорини уч кун ичида Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг палаталари тасдиғига киритади. Фавқулодда ҳолат жорий этиш шартлари ва тартиби қонун билан белгиланади;
20) Ўзбекистон Республикаси Қуролли Кучларининг Олий Бош қўмондони ҳисобланади, Қуролли Кучларнинг олий қўмондонларини тайинлайди ва вазифасидан озод қилади, олий ҳарбий унвонлар беради;
21) Ўзбекистон Республикасининг орденлари, медаллари ва ёрлиғи билан мукофотлайди, Ўзбекистон Республикасининг малакавий ва фахрий унвонларини беради;
22) Ўзбекистон Республикасининг фуқаролигига ва сиёсий бошпана беришга оид масалаларни ҳал этади;
23) амнистия тўғрисидаги ҳужжатларни қабул қилиш ҳақида Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Сенатига тақдимнома киритади ва Ўзбекистон Республикасининг судлари томонидан ҳукм қилинган шахсларни афв этади;
24) Миллий хавфсизлик хизмати раисини тайинлайди ва лавозимидан озод этади, кейинчалик шу масалаларга доир фармонларни Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Сенати тасдиғига киритади;
25) ушбу Конституция ва Ўзбекистон Республикасининг қонунларида назарда тутилган бошқа ваколатларни амалга оширади.
Президент ўз ваколатларини бажаришни давлат идораларига ёки мансабдор шахсларга топширишга ҳақли эмас.
94-модда.
Ўзбекистон Республикасининг Президенти Конституцияга ва қонунларга асосланиб ҳамда уларни ижро этиш юзасидан республиканинг бутун ҳудудида мажбурий кучга эга бўлган фармонлар, қарорлар ва фармойишлар чиқаради.
95-модда.
Қонунчилик палатаси ёки Сенат таркибида уларнинг нормал фаолиятига таҳдид солувчи ҳал қилиб бўлмайдиган ихтилофлар юз берганда ёхуд улар бир неча марта Ўзбекистон Республикасининг Конституциясига зид қарорлар қабул қилган тақдирда, шунингдек Қонунчилик палатаси билан Сенат ўртасида Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг нормал фаолиятига таҳдид солувчи ҳал қилиб бўлмайдиган ихтилофлар юз берганда Ўзбекистон Республикаси Президентининг Ўзбекистон Республикаси Конституциявий суди билан бамаслаҳат қабул қилган қарори асосида Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси, Сенати тарқатиб юборилиши мумкин.
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси, Сенати тарқатиб юборилган тақдирда янги сайлов уч ой мобайнида ўтказилади.
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси ва Сенати фавқулодда ҳолат жорий этилган даврда тарқатиб юборилиши мумкин эмас.
96-модда.
Ўзбекистон Республикасининг амалдаги Президенти ўз вазифаларини бажара олмайдиган ҳолатларда унинг вазифа ва ваколатлари вақтинча Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Сенати Раисининг зиммасига юклатилади, бунда уч ой муддат ичида, «Ўзбекистон Республикаси Президенти сайлови тўғрисида»ги Қонунга тўлиқ мувофиқ ҳолда мамлакат Президенти сайлови ўтказилади.
97-модда.
Ваколати тугаши муносабати билан истеъфога чиққан Президент умрбод Сенат аъзоси лавозимини эгаллайди.

ХХ боб. Вазирлар Маҳкамаси
98-модда.
Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси ижро этувчи ҳокимиятни амалга оширади. Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси Ўзбекистон Республикаси Бош вазири, унинг ўринбосарлари, вазирлар, давлат қўмиталарининг раисларидан иборат. Қорақалпоғистон Республикаси ҳукуматининг бошлиғи Вазирлар Маҳкамаси таркибига ўз лавозими бўйича киради.
Вазирлар Маҳкамаси:
1) самарали иқтисодий, ижтимоий, молиявий, пул-кредит сиёсати юритилиши, фан, маданият, таълим, соғлиқни сақлашни ҳамда иқтисодиётнинг ва ижтимоий соҳанинг бошқа тармоқларини ривожлантириш бўйича дастурлар ишлаб чиқилиши ва амалга оширилиши учун жавобгар бўлади;
2) фуқароларнинг иқтисодий, ижтимоий ва бошқа ҳуқуқлари ҳамда қонуний манфаатларини ҳимоя қилиш бўйича чора-тадбирларни амалга оширади;
3) давлат ва хўжалик бошқаруви органлари ишини мувофиқлаштиради ва йўналтиради, уларнинг фаолияти устидан қонунда белгиланган тартибда назоратни таъминлайди;
4) Ўзбекистон Республикаси қонунлари, Олий Мажлис қарорлари, Ўзбекистон Республикаси Президентининг фармонлари, қарорлари ва фармойишлари ижросини таъминлайди;
5) Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисига ҳар йили мамлакат ижтимоий-иқтисодий ҳаётининг энг муҳим масалалари юзасидан маърузалар тақдим этади;
6) ушбу Конституция ва Ўзбекистон Республикаси қонунларида назарда тутилган бошқа ваколатларни амалга оширади.
Вазирлар Маҳкамаси конституциявий нормалар доирасида ва амалдаги қонун ҳужжатларига мувофиқ Ўзбекистон Республикасининг бутун ҳудудидаги барча органлар, корхоналар, муассасалар, ташкилотлар, мансабдор шахслар ва фуқаролар томонидан бажарилиши мажбурий бўлган қарорлар ва фармойишлар чиқаради.
Вазирлар Маҳкамаси ўз фаолиятида Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси ва Ўзбекистон Республикаси Президенти олдида жавобгардир.
Амалдаги Вазирлар Маҳкамаси янги сайланган Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси олдида ўз ваколатларини зиммасидан соқит қилади, бироқ Вазирлар Маҳкамасининг янги таркиби шакллантирилгунига қадар мамлакат Президентининг қарорига мувофиқ ўз фаолиятини давом эттириб туради.
Ўзбекистон Республикаси Бош вазири:
1) Вазирлар Маҳкамаси фаолиятини ташкил этади ва унга раҳбарлик қилади, унинг самарали ишлаши учун шахсан жавобгар бўлади;
2) Вазирлар Маҳкамасининг мажлисларида раислик қилади, унинг қарорларини имзолайди;
3) халқаро муносабатларда Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси номидан иш кўради;
4) Ўзбекистон Республикаси қонунларида назарда тутилган бошқа вазифаларни бажаради.
Ўзбекистон Республикаси Бош вазири номзоди Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатасига сайловда энг кўп депутатлик ўринларини олган сиёсий партия ёки тенг миқдордаги энг кўп депутатлик ўринларини қўлга киритган бир неча сиёсий партия томонидан таклиф этилади.
Ўзбекистон Республикаси Президенти тақдим этилган Бош вазир лавозимига номзодни кўриб чиққанидан кейин ўн кун муддат ичида уни Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси палаталарининг кўриб чиқиши ва тасдиқлаши учун таклиф этади.
Бош вазир лавозимига номзод Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисида унинг номзоди кўриб чиқилаётганда ва тасдиқланаётганда Вазирлар Маҳкамасининг яқин муддатга ва узоқ истиқболга мўлжалланган ҳаракат дастурини тақдим этади.
Бош вазир номзоди унинг учун тегишинча Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси депутатлари ва Сенати аъзолари умумий сонининг ярмидан кўпи томонидан овоз берилган тақдирда тасдиқланган ҳисобланади.
Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг аъзолари Бош вазир тақдимига биноан Ўзбекистон Республикаси Президенти томонидан тасдиқланади.
Ўзбекистон Республикаси Бош вазири ва Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси ўртасида зиддиятлар доимий тус олган ҳолда Қонунчилик палатаси депутатлари умумий сонининг камида учдан бир қисми томонидан Ўзбекистон Республикаси Президенти номига расман киритилган таклиф бўйича Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси палаталарининг қўшма мажлиси муҳокамасига Бош вазирга нисбатан ишончсизлик вотуми билдириш ҳақидаги масала киритилади.
Бош вазирга нисбатан ишончсизлик вотуми тегишинча Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси депутатлари ва Сенати аъзолари умумий сонининг камида учдан икки қисми овоз берган тақдирда қабул қилинган ҳисобланади. Бундай ҳолатда Ўзбекистон Республикаси Президенти Бош вазирни лавозимидан озод этиш тўғрисида қарор қабул қилади. Бунда Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг бутун таркиби Бош вазир билан бирга истеъфога чиқади.
Янги Бош вазир номзоди Ўзбекистон Республикаси Президенти томонидан Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатасидаги барча сиёсий партиялар фракциялари билан тегишли маслаҳатлашувлар ўтказилганидан сўнг Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг палаталарига кўриб чиқиш ва тасдиқлашга тақдим қилиш учун таклиф этилади.
Олий Мажлис томонидан Бош вазир лавозимига номзод икки марта рад этилган тақдирда Ўзбекистон Республикаси Президенти Бош вазир вазифасини бажарувчини тайинлайди ва Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисини тарқатиб юборади.
Вазирлар Маҳкамасининг фаолиятини ташкил этиш тартиби ва ваколат доираси қонун билан белгиланади.

ХХИ боб. Маҳаллий давлат ҳокимияти асослари
99-модда.
Вилоятлар, туманлар ва шаҳарларда (туманга бўйсунадиган шаҳарлардан, шунингдек шаҳар таркибига кирувчи туманлардан ташқари) ҳокимлар бошчилик қиладиган халқ депутатлари Кенгашлари ҳокимиятнинг вакиллик органлари бўлиб, улар давлат ва фуқароларнинг манфаатларини кўзлаб ўз ваколатларига тааллуқли масалаларни ҳал этадилар.
100-модда.
Маҳаллий ҳокимият органлари ихтиёрига қуйидагилар киради:
қонунийликни, ҳуқуқий-тартиботни ва фуқароларнинг хавфсизлигини таъминлаш;
ҳудудларни иқтисодий, ижтимоий ва маданий ривожлантириш;
маҳаллий бюджетни шакллантириш ва уни ижро этиш, маҳаллий солиқлар, йиғимларни белгилаш, бюджетдан ташқари жамғармаларни ҳосил қилиш;
маҳаллий коммунал хўжаликка раҳбарлик қилиш;
атроф-муҳитни муҳофаза қилиш;
фуқаролик ҳолати актларини қайд этишни таъминлаш;
норматив ҳужжатларни қабул қилиш ҳамда Ўзбекистон Республикаси Конституциясига ва Ўзбекистон Республикаси қонунларига зид келмайдиган бошқа ваколатларни амалга ошириш.
101-модда.
Маҳаллий ҳокимият органлари Ўзбекистон Республикасининг қонунларини, Ўзбекистон Республикаси Президентининг фармонларини, давлат ҳокимияти юқори органларининг қарорларини амалга оширадилар, республика ва маҳаллий аҳамиятга молик масалаларни муҳокама қилишда қатнашадилар.
Юқори органларнинг ўзларига берилган ваколат доирасида қабул қилган қарорлари қуйи органлар ижро этиши учун мажбурийдир.
Халқ депутатлари Кенгашлари ва ҳокимларнинг ваколат муддати — 5 йил.
102-модда.
Вакиллик ва ижроия ҳокимиятини тегишлилигига қараб вилоят, туман ва шаҳар ҳокимлари бошқаради.
Вилоят ва Тошкент шаҳар ҳокими Ўзбекистон Республикаси Президенти томонидан қонунга мувофиқ тайинланади ҳамда лавозимидан озод этилади.
Туман ва шаҳарларнинг ҳокимлари тегишли вилоят ҳокими томонидан тайинланади ва лавозимидан озод қилинади ҳамда тегишли халқ депутатлари Кенгаши томонидан тасдиқланади.
Шаҳарлардаги туманларнинг ҳокимлари тегишли шаҳар ҳокими томонидан тайинланади ва лавозимидан озод қилинади ҳамда халқ депутатлари шаҳар Кенгаши томонидан тасдиқланади.
Туманларга бўйсунадиган шаҳарларнинг ҳокимлари туман ҳокими томонидан тайинланади ва лавозимидан озод қилинади ҳамда халқ депутатлари туман Кенгаши томонидан тасдиқланади.
103-модда.
Вилоят, туман ва шаҳар ҳокимлари ўз ваколатларини яккабошчилик асосларида амалга оширадилар ва ўзлари раҳбарлик қилаётган органларнинг қарорлари ва фаолияти учун шахсан жавобгардирлар.
Вилоят, туман ва шаҳар ҳокими тегишли халқ депутатлари Кенгашига вилоят, туман, шаҳар ижтимоий-иқтисодий ривожланишининг энг муҳим ва долзарб масалалари юзасидан ҳисоботлар тақдим этади, улар бўйича халқ депутатлари Кенгаши томонидан тегишли қарорлар қабул қилинади.
Ҳокимларнинг ва халқ депутатлари маҳаллий Кенгашларининг фаолиятини ташкил қилиш, уларнинг ваколат доирасини ва халқ депутатлари маҳаллий Кенгашларини сайлаш тартиби қонун билан белгиланади.
104-модда.
Ҳоким ўзига берилган ваколатлар доирасида тегишли ҳудуддаги барча корхоналар, муассасалар, ташкилотлар, бирлашмалар, шунингдек мансабдор шахслар ва фуқаролар томонидан бажарилиши мажбурий бўлган қарорлар қабул қилади.
105-модда.
Шаҳарча, қишлоқ ва овулларда, шунингдек улар таркибидаги маҳаллаларда ҳамда шаҳарлардаги маҳаллаларда фуқароларнинг йиғинлари ўзини ўзи бошқариш органлари бўлиб, улар икки ярим йил муддатга раисни (оқсоқолни) ва унинг маслаҳатчиларини сайлайди.
Ўзини ўзи бошқариш органларини сайлаш тартиби, фаолиятини ташкил этиш ҳамда ваколат доираси қонун билан белгиланади.

ХХИИ боб. Ўзбекистон Республикасининг суд ҳокимияти
106-модда.
Ўзбекистон Республикасида суд ҳокимияти қонун чиқарувчи ва ижро этувчи ҳокимиятлардан, сиёсий партиялардан, бошқа жамоат бирлашмаларидан мустақил ҳолда иш юритади.
107-модда.
Ўзбекистон Республикасида суд тизими беш йил муддатга сайланадиган Ўзбекистон Республикаси Конституциявий суди, Ўзбекистон Республикаси Олий суди, Ўзбекистон Республикаси Олий хўжалик суди, Қорақалпоғистон Республикаси фуқаролик ва жиноят ишлари бўйича олий судлари, Қорақалпоғистон Республикаси хўжалик судидан, шу муддатга тайинланадиган фуқаролик ва жиноят ишлари бўйича вилоят ва Тошкент шаҳар судлари, фуқаролик ва жиноят ишлари бўйича туманлараро, туман, шаҳар судлари, ҳарбий ва хўжалик судларидан иборат.
Судларни ташкил этиш ва уларнинг фаолият кўрсатиш тартиби қонун билан белгиланади.
Фавқулодда судлар тузишга йўл қўйилмайди.
108-модда.
Ўзбекистон Республикаси Конституциявий суди қонун чиқарувчи ва ижро этувчи ҳокимиятларнинг ҳужжатлари Конституцияга қанчалик мослигига доир ишларни кўради.
Конституциявий суд сиёсат ва ҳуқуқ соҳасидаги мутахассислар орасидан — Конституциявий суд раиси, раис ўринбосари ва судьяларидан, шу жумладан Қорақалпоғистон Республикасининг вакилидан иборат таркибда сайланади.
Конституциявий суднинг раиси ва аъзолари депутат бўла олмайдилар.
Конституциявий суднинг раиси ва аъзолари сиёсий партиялар ва ҳаракатларнинг аъзоси бўлишлари ва бошқа ҳақ тўланадиган лавозимни эгаллашлари мумкин эмас.
Конституциявий суд судьялари дахлсизлик ҳуқуқидан фойдаланадилар.
Конституциявий суд судьялари ўз фаолиятларида мустақилдирлар ва фақат Ўзбекистон Республикаси Конституциясига бўйсунадилар.
109-модда.
Ўзбекистон Республикаси Конституциявий суди:
1) Ўзбекистон Республикаси қонунларининг ва Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси палаталари қарорларининг, Ўзбекистон Республикаси Президенти фармонларининг, ҳукуматнинг ва маҳаллий давлат ҳокимияти органлари қарорларининг, Ўзбекистон Республикасининг давлатлараро шартномавий ва бошқа мажбуриятлари Ўзбекистон Республикаси Конституциясига мослигини аниқлайди;
2) Қорақалпоғистон Республикаси Конституцияси Ўзбекистон Республикасининг Конституциясига, Қорақалпоғистон Республикаси қонунлари Ўзбекистон Республикасининг қонунларига мувофиқлиги тўғрисида хулоса беради;
3) Ўзбекистон Республикасининг Конституцияси ва қонунлари нормаларига шарҳ беради;
4) Ўзбекистон Республикасининг Конституцияси ва қонунлари билан берилган ваколат доирасида бошқа ишларни ҳам кўриб чиқади.
Конституциявий суднинг қарорлари матбуотда эълон қилинган пайтдан бошлаб кучга киради. Улар қатъий ва улар устидан шикоят қилиш мумкин эмас.
Конституциявий судни ташкил этиш ва унинг фаолият кўрсатиш тартиби қонун билан белгиланади.
110-модда.
Ўзбекистон Республикаси Олий суди фуқаролик, жиноий ва маъмурий суд ишларини юритиш соҳасида суд ҳокимиятининг олий органи ҳисобланади.
У томонидан қабул қилинган ҳужжатлар қатъий ва Ўзбекистон Республикасининг барча ҳудудида бажарилиши мажбурийдир.
Ўзбекистон Республикаси Олий суди Қорақалпоғистон Республикаси олий судлари, вилоятлар, шаҳарлар, туманлараро, туман судлари ва ҳарбий судларнинг судлов фаолияти устидан назорат олиб бориш ҳуқуқига эга.
111-модда.
Мулкчиликнинг турли шаклларига асосланган корхоналар, муассасалар, ташкилотлар ўртасидаги, шунингдек тадбиркорлар ўртасидаги, иқтисодиёт соҳасида ва уни бошқариш жараёнида вужудга келадиган хўжалик низоларини ҳал этиш Олий хўжалик суди ва хўжалик судлари томонидан уларнинг ваколатлари доирасида амалга оширилади.
112-модда.
Судьялар мустақилдирлар, фақат қонунга бўйсунадилар. Судьяларнинг одил судловни амалга ошириш борасидаги фаолиятига бирон-бир тарзда аралашишга йўл қўйилмайди ва бундай аралашиш қонунга мувофиқ жавобгарликка сабаб бўлади.
Судьяларнинг дахлсизлиги қонун билан кафолатланади.
Судьялар сенатор, давлат ҳокимияти вакиллик органларининг депутати бўлиши мумкин эмас.
Судьялар сиёсий партияларнинг аъзоси бўлиши, сиёсий ҳаракатларда иштирок этиши, шунингдек илмий ва педагогик фаолиятдан ташқари ҳақ тўланадиган бошқа бирон-бир фаолият турлари билан шуғулланиши мумкин эмас.
Судья ваколат муддати тугагунга қадар судьялик вазифасидан қонунда кўрсатилган асослар бўлгандагина озод этилиши мумкин.
113-модда.
Ҳамма судларда ишлар очиқ кўрилади. Ишларни ёпиқ мажлисда тинглашга қонунда белгиланган ҳоллардагина йўл қўйилади.
114-модда.
Суд ҳокимияти чиқарган ҳужжатлар барча давлат органлари, жамоат бирлашмалари, корхоналар, муассасалар, ташкилотлар, мансабдор шахслар ва фуқаролар учун мажбурийдир.
115-модда.
Ўзбекистон Республикасида суд ишларини юритиш ўзбек тилида, қорақалпоқ тилида ёки муайян жойдаги кўпчилик аҳоли сўзлашадиган тилда олиб борилади. Суд ишлари олиб борилаётган тилни билмайдиган судда қатнашувчи шахсларнинг таржимон орқали иш материаллари билан тўла танишиш ва суд ишларида иштирок этиш ҳуқуқи ҳамда судда она тилида сўзлаш ҳуқуқи таъминланади.
116-модда.
Айбланувчи ҳимояланиш ҳуқуқи билан таъминланади.
Тергов ва суд ишини юритишнинг ҳар қандай босқичида малакали юридик ёрдам олиш ҳуқуқи кафолатланади. Фуқароларга, корхона, муассаса ва ташкилотларга юридик ёрдам бериш учун адвокатура фаолият кўрсатади. Адвокатурани ташкил этиш ва унинг иш тартиби қонун билан белгиланади.

ХХИИИ боб. Сайлов тизими
117-модда.
Ўзбекистон Республикасининг фуқаролари давлат ҳокимияти вакиллик органларига сайлаш ва сайланиш ҳуқуқига эгадирлар. Ҳар бир сайловчи бир овозга эга. Овоз бериш ҳуқуқи, ўз хоҳиш иродасини билдириш тенглиги ва эркинлиги қонун билан кафолатланади.
Ўзбекистон Республикаси Президенти сайлови, Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатасига ҳамда Қорақалпоғистон Республикаси Жўқорғи Кенгесига, вилоятлар, туманлар, шаҳарлар давлат ҳокимияти вакиллик органларига сайлов тегишинча уларнинг конституциявий ваколат муддати тугайдиган йилда — декабрь ойи учинчи ўн кунлигининг биринчи якшанбасида ўтказилади. Сайловлар умумий, тенг ва тўғридан-тўғри сайлов ҳуқуқи асосида яширин овоз бериш йўли билан ўтказилади. Ўзбекистон Республикасининг ўн саккиз ёшга тўлган фуқаролари сайлаш ҳуқуқига эгадирлар.
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Сенати аъзолари Қорақалпоғистон Республикаси Жўқорғи Кенгеси, вилоятлар, туманлар ва шаҳарлар давлат ҳокимияти вакиллик органлари депутатларининг тегишли қўшма мажлисларида мазкур депутатлар сайланганидан сўнг бир ой ичида улар орасидан яширин овоз бериш йўли билан сайланадилар.
Суд томонидан муомалага лаёқатсиз деб топилган фуқаролар, шунингдек суд ҳукми билан озодликдан маҳрум этиш жойларида сақланаётган шахслар сайланиши мумкин эмас ва сайловда қатнашмайдилар. Бошқа ҳар қандай ҳолларда фуқароларнинг сайлов ҳуқуқларини тўғридан-тўғри ёки билвосита чеклашга йўл қўйилмайди.
Ўзбекистон Республикаси фуқароси бир вақтнинг ўзида иккидан ортиқ давлат ҳокимияти вакиллик органининг депутати бўлиши мумкин эмас.
Ўзбекистон Республикаси Президенти сайловини, Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисига сайловни, шунингдек Ўзбекистон Республикаси референдумини ташкил этиш ва ўтказиш учун Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси томонидан фаолиятининг асосий принциплари мустақиллик, қонунийлик, коллегиаллик, ошкоралик ва адолатлиликдан иборат бўлган Ўзбекистон Республикаси Марказий сайлов комиссияси тузилади.
Ўзбекистон Республикаси Марказий сайлов комиссияси ўз фаолиятини доимий асосда амалга оширади ва ўз фаолиятида Ўзбекистон Республикаси Конституциясига, Ўзбекистон Республикасининг сайлов тўғрисидаги ҳамда референдум тўғрисидаги қонунларига ва бошқа қонунларга амал қилади.
Ўзбекистон Республикаси Марказий сайлов комиссиясининг аъзолари Қорақалпоғистон Республикаси Жўқорғи Кенгесининг, халқ депутатлари вилоятлар ва Тошкент шаҳар Кенгашларининг тавсияси бўйича Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси ва Сенати томонидан сайланади.
Ўзбекистон Республикаси Марказий сайлов комиссиясининг Раиси комиссия аъзолари орасидан Ўзбекистон Республикаси Президентининг тақдими бўйича комиссия мажлисида сайланади.
Сайлов ўтказиш тартиби қонун билан белгиланади.

ХХИВ боб. Прокуратура
118-модда.
Ўзбекистон Республикаси ҳудудида қонунларнинг аниқ ва бир хилда бажарилиши устидан назоратни Ўзбекистон Республикасининг Бош прокурори ва унга бўйсунувчи прокурорлар амалга оширади.
119-модда.
Прокуратура органларининг ягона марказлаштирилган тизимига Ўзбекистон Республикасининг Бош прокурори бошчилик қилади.
Қорақалпоғистон Республикасининг Прокурори Ўзбекистон Республикасининг Бош прокурори билан келишилган ҳолда Қорақалпоғистон Республикасининг олий вакиллик органи томонидан тайинланади.
Вилоятларнинг прокурорлари, туман ва шаҳар прокурорлари Ўзбекистон Республикасининг Бош прокурори томонидан тайинланади.
Ўзбекистон Республикаси Бош прокурорининг, Қорақалпоғистон Республикаси Прокурорининг, вилоят, туман ва шаҳар прокурорларининг ваколат муддати — беш йил.
120-модда.
Ўзбекистон Республикаси прокуратура органлари ўз ваколатларини ҳар қандай давлат органлари, жамоат бирлашмалари ва мансабдор шахслардан мустақил ҳолда, фақат қонунга бўйсуниб амалга оширадилар.
Прокурорлар ўз ваколатлари даврида сиёсий партияларга ва сиёсий мақсадларни кўзловчи бошқа жамоат бирлашмаларига аъзоликни тўхтатиб турадилар.
Прокуратура органларини ташкил этиш, уларнинг ваколатлари ва фаолият кўрсатиш тартиби қонун билан белгиланади.
121-модда.
Ўзбекистон Республикаси ҳудудида жиноятчиликка қарши кураш бўйича тезкор-қидирув, тергов ва бошқа махсус вазифаларни мустақил равишда бажарувчи хусусий кооператив ташкилотлар, жамоат бирлашмалари ва уларнинг бўлинмаларини тузиш ҳамда уларнинг фаолият кўрсатиши таъқиқланади.
Қонунийлик ва ҳуқуқий тартиботни, фуқароларнинг ҳуқуқлари ва эркинликларини ҳимоя қилишда ҳуқуқни муҳофаза қилувчи органларга жамоат ташкилотлари ва фуқаролар ёрдам кўрсатишлари мумкин.

ХХВ боб. Молия ва кредит
122-модда.
Ўзбекистон Республикаси ўз молия ва пул-кредит тизимига эга.
Ўзбекистоннинг Давлат бюджети Республика бюджетидан, Қорақалпоғистон Республикаси бюджетидан ва маҳаллий бюджетлардан иборат.
123-модда.
Ўзбекистон Республикаси ҳудудида ягона солиқ тизими амал қилади. Солиқлар жорий қилишга фақат Ўзбекистон Республикасининг Олий Мажлиси ҳақли.
124-модда.
Ўзбекистон Республикасининг банк тизимини республика Марказий банки бошқаради.

ХХВИ боб. Мудофаа ва хавфсизлик
125-модда.
Ўзбекистон Республикаси Қуролли Кучлари Ўзбекистон Республикасининг давлат суверенитетини ва ҳудудий яхлитлигини, аҳолининг тинч ҳаёти ва хавфсизлигини ҳимоя қилиш учун тузилади.
Қуролли Кучларнинг тузилиши ва уларни ташкил этиш қонун билан белгиланади.
126-модда.
Ўзбекистон Республикаси ўз хавфсизлигини таъминлаш учун етарли даражада қуролли кучларига эга.

ОЛТИНЧИ БЎЛИМ. КОНСТИТУЦИЯГА ЎЗГАРТИРИШ КИРИТИШ ТАРТИБИ

127-модда.
Ўзбекистон Республикасининг Конституциясига ўзгартиришлар тегишинча Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Қонунчилик палатаси депутатлари ва Сенати аъзолари умумий сонининг камида учдан икки қисмидан иборат кўпчилиги томонидан қабул қилинган қонун ёки Ўзбекистон Республикасининг референдуми билан киритилади.
128-модда.
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси тегишли таклиф киритилгандан кейин олти ой мобайнида Конституцияга ўзгартиришлар ҳамда тузатишлар киритиш тўғрисида кенг ва ҳар тарафлама муҳокамани ҳисобга олган ҳолда қонун қабул қилиши мумкин. Агар Олий Мажлис Конституцияга ўзгартириш киритиш тўғрисидаги таклифни рад этса, таклиф бир йил ўтгандан кейингина қайта киритилиши мумкин.