O’zbekiston Respublikasining davlat gerbi

Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʼgʼrisida»gi Qonun 1992 yil 2 iyulda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X Sessiyasida qabul qilingan.

Oʼzbekiston Respublikasining Davlat gerbi gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda soʼl tomonida bugʼdoy boshoqlari, oʼng tomonida ochilgan paxta chanoqlari surati tushirilgan chambardan iborat.

Gerbning yuqori qismida respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlugʼ ramzidir.

Gerbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli boʼlgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yoʼlidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.

Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrogʼini ifoda etuvchi chambar lentasining bandiga «O‘zbekiston» deb yozib qoʼyilgan.